ERP tizimi nima va uning CRM'dan farqi

ERP nima?
ERP (Enterprise Resource Planning — korxona resurslarini rejalashtirish) — kompaniyaning asosiy jarayonlarini bitta tizimda birlashtiradigan dastur: moliya, ombor, xarid, savdo, ishlab chiqarish va kadrlar. Barcha boʻlimlar bitta bazada ishlaydi, shuning uchun raqam bir marta kiritiladi va hamma uni bir vaqtda koʻradi.
Oddiy misol: menejer buyurtma yozadi, tizim ombordagi qoldiqni darhol kamaytiradi, buxgalteriyada hisob-faktura paydo boʻladi, qoldiq minimumga tushganda esa xarid boʻlimi xabar oladi. ERP boʻlmagan kompaniyada bu toʻrt qadam toʻrtta alohida Excel fayli va bir nechta qoʻngʻiroq orqali oʻtadi.
ERP qaysi jarayonlarni birlashtiradi?
ERP tizimi modullardan iborat. Hammasini birdaniga ulash shart emas — eng koʻp muammo boʻlgan joydan boshlash mumkin:
- Moliya va buxgalteriya: daromad va xarajat, hisob-fakturalar, toʻlovlar, hisobotlar
- Ombor: qoldiqlar, tovar harakati, inventarizatsiya, bir nechta ombor
- Xarid: yetkazib beruvchilar, buyurtmalar, narxlarni solishtirish
- Savdo: buyurtmalar, narx roʻyxatlari, chegirmalar
- Ishlab chiqarish: xomashyo sarfi, ishlab chiqarish rejasi, tannarx
- Kadrlar: xodimlar, ish vaqti, ish haqi
ERP'ning asosiy foydasi modullarning oʻzida emas, ularning bir-biriga bogʻliqligida: bir boʻlimdagi oʻzgarish boshqalarida avtomatik koʻrinadi.
ERP va CRM oʻrtasidagi farq nima?
Bu ikki tizim koʻpincha adashtiriladi, lekin ular turli savollarga javob beradi. CRM tashqariga qaraydi: mijozlar, murojaatlar, savdo bosqichlari, qoʻngʻiroqlar. ERP esa ichkariga qaraydi: pul, tovar, ishlab chiqarish, xodimlar.
- CRM soʻraydi: «Bu mijoz kim, qachon qoʻngʻiroq qildik, bitim qaysi bosqichda?»
- ERP soʻraydi: «Omborda qancha tovar bor, bu buyurtmaning tannarxi qancha, bu oy qancha topdik?»
Kichik va oʻrta kompaniyalarning aksariyati CRM'dan boshlaydi, chunki birinchi navbatda savdo muhim. Ombor, filiallar va hisobotlar koʻpayganda ERP kerak boʻladi. Eng yaxshi natija ikkalasi bogʻlanganda olinadi: CRM'da yopilgan bitim ERP'da buyurtma va hisob-fakturaga aylanadi.
1C — bu ERP'mi?
Oʻzbekistondagi koʻplab kompaniyalar hisobni 1C'da yuritadi. 1C — bu platforma boʻlib, unda oddiy buxgalteriya dasturlari ham, toʻliq ERP yechimlari ham (masalan, «1C:ERP») bor. Ya'ni kompaniyada 1C borligi hali ERP borligini anglatmaydi — koʻpincha bu faqat buxgalteriya moduli.
Amalda koʻpincha shunday yoʻl tanlanadi: buxgalteriya 1C'da qoladi, savdo, buyurtma va mijozlar bilan ishlash uchun alohida tizim quriladi va ikkalasi 1C bilan integratsiya orqali bogʻlanadi. Buxgalter odatlangan dasturda ishlaydi, savdo boʻlimi esa qulay interfeysga ega boʻladi.
Biznesingizga ERP qachon kerak?
ERP'ga oʻtish vaqti kelganini odatda quyidagi belgilar koʻrsatadi:
- Bir xil maʼlumot bir nechta Excel faylida saqlanadi va raqamlar mos kelmaydi
- Ombordagi haqiqiy qoldiq tizimdagidan farq qiladi
- Oylik hisobot tayyorlash bir necha kun oladi
- Bir nechta filial yoki ombor bor va ularni bir joydan koʻrib boʻlmaydi
- Xodim taʼtilga chiqsa, jarayon toʻxtaydi, chunki hammasi uning xotirasida
Agar bu belgilardan ikki-uchtasi mos kelsa, muammo dasturda emas, maʼlumotlarning tarqoqligida — ERP aynan shuni hal qiladi.
Tayyor ERP yoki maxsus tizim?
Tayyor ERP (SAP, Odoo, 1C:ERP va boshqalar)
Afzalligi: sinovdan oʻtgan modullar, tez boshlash. Kamchiligi: kompaniya dasturga moslashishi kerak, litsenziya har bir foydalanuvchi uchun toʻlanadi, mahalliy jarayonlarga moslash uchun alohida dasturchi kerak boʻladi.
Maxsus ERP
Afzalligi: tizim sizning jarayonlaringizga moslab quriladi, ortiqcha modul yoʻq, har bir foydalanuvchi uchun toʻlov yoʻq. Kamchiligi: boshlangʻich xarajat va ishlab chiqish muddati koʻproq.
Aralash yoʻl
Mavjud 1C yoki buxgalteriya dasturi saqlanadi, uning ustiga savdo, buyurtma, ombor va hisobotlar uchun maxsus modullar quriladi. Koʻpincha bu eng xavfsiz yoʻl, chunki xodimlar odatlangan qism oʻzgarmaydi.
ERP qanday joriy qilinadi?
- Jarayonlar tahlili: har bir boʻlim nima qiladi, maʼlumot qayerdan qayerga boradi va qayerda yoʻqoladi
- Ustuvorlik: qaysi modul birinchi boʻlib eng koʻp vaqt va pulni tejaydi
- Tizimni tanlash yoki ishlab chiqish
- Eski maʼlumotlarni koʻchirish: mijozlar, tovarlar, qoldiqlar
- Xodimlarni oʻqitish
- Bosqichma-bosqich ishga tushirish: avval bitta boʻlim, keyin qolganlari
Eng koʻp xato ikkinchi qadamda qilinadi — barcha modullarni birdaniga ishga tushirish. Bitta modulni ishga tushirib, natijani koʻrish ham xavfni, ham xarajatni kamaytiradi.
Koʻp beriladigan savollar
ERP tizimi qancha turadi?
Narx modullar soniga, foydalanuvchilar soniga va boshqa tizimlar (1C, sayt, bank) bilan integratsiyaga bogʻliq. Aniq summa jarayonlar tahlilidan keyin yozma reja koʻrinishida beriladi.
Kichik kompaniyaga ERP kerakmi?
Bitta ombor va bir necha xodimi bor kompaniyaga koʻpincha yaxshi sozlangan CRM va buxgalteriya dasturi yetarli. ERP filiallar, omborlar va hisobotlar koʻpayganda oʻzini oqlaydi.
ERP'ni mavjud 1C bilan bogʻlash mumkinmi?
Ha. 1C bilan integratsiya eng koʻp uchraydigan vazifalardan biri: tovarlar, narxlar, qoldiqlar va buyurtmalar ikki tizim oʻrtasida avtomatik uzatiladi.
Shu mavzudagi xizmatimiz
CRM tizimi yaratish
Mijoz, murojaat, buyurtma va toʻlov bir joyda: murojaatlar yoʻqolmaydi, savdo qayerda toʻxtab qolayotgani koʻrinadi. Tayyor CRM ishingizga mos kelsa, uni joriy qilamiz; mos kelmasa, ishingizga moslab yozamiz.
- Individual CRM
- ERP tizimini ishlab chiqish
- Biznes jarayonlarini avtomatlashtirish
- Sayt va 1C bilan integratsiya
Oʻxshash maqolalar
Barcha maqolalar
CRM va ERPCRM nima? CRM tizimi nima qiladi va biznesga qachon kerak
CRM mijozlar, bitimlar va yozishmalarni bir joyda saqlaydigan tizim. U nima qiladi, Excel'dan farqi, tayyor va individual CRM taqqoslash hamda joriy etish bosqichlari.
Oʻqish
Mobil ilovaMobil ilova narxi qancha va u nimaga bog'liq?
Mobil ilova narxini nima belgilaydi, qaysi xarajatlarni oldindan bilish kerak va aniq narxni qanday olish mumkin.
Oʻqish
Loyihangizni qisqacha yozing
Nima kerakligini aniqlab, yozma reja va narx yuboramiz.